O‘zbekistonda qurilishi yakunlanish arafasida turgan Islom sivilizatsiyasi markazi uchun 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar jalb qilindi. Ular bu yerda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazmunli kontentlar va tarixiy artefaktlar bilan boyitish ustida ish olib boryapti. Bu haqda Markazning kengaytirilgan Ilmiy kengash yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaz qurilishi bilan tanishgan va qator topshiriqlar bergan edi. Shundan so‘ng Vasiylik kengashi raisi Abdulla Aripov rahbarligidagi kengaytirilgan yig‘ilishda ekspozitsiyani boyitish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Sentyabrda ochilishi rejalashtirilgan Markazda hozirda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha maxsus Ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Ular Islom sivilizatsiyasiga oid 800 dan ziyod loyihani ishlab chiqishgan. Ularning 400 dan ortig‘i bo‘yicha ishlar boshlangan, qolganlari 3 bosqichda amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Markazdagi ekspozitsiyalarda “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” konsepsiyasi keng yoritiladi. Ekspozitsiya bo‘limlari soni 7 tadan 9 taga ko‘paygan. Yangi bo‘limlarda mamlakatning tashqi siyosatdagi yutuqlari va yoshlar imkoniyatlari aks ettiriladi.
Bundan tashqari, Markaz muzeyida “Vaqt devori” loyihasi amalga oshirilmoqda. Unda Amir Temur va Temuriylar davri, shuningdek, Boburiylar zamonidagi muhim voqealar miniatyura va monitorlar yordamida namoyish etiladi.
Markaz kutubxonasi uchun esa 30 ming bosma va 350 ming elektron kitobdan iborat fond shakllantiriladi. Kutubxona ochiq fondli bo‘lib, hatto xorijiy mehmonlar va bolalar uchun ham xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, kutubxonada tor ixtisoslik yo‘nalishida maxsus manbashunoslik o‘quv kursi tashkil etilishi belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, muzey uchun 1000 ta eksponat katalogi tuzilgan bo‘lib, ularning soni 2000 taga yetkaziladi. Eksponatlar maxsus vitrinalarda, xalqaro standartlarga mos ravishda joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini keng namoyish etish, yosh avlodni tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash va yangi ilmiy kontentlar yaratish maqsadida barpo etilmoqda.