AsosiyJamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoev Abdulla Aripovning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi

Toshkentda 14 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag`ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisi bo`lib o`tgani, unda Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga mamlakatimiz Bosh vazirining o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nig`matovich Aripov nomzodini tavsiya etgani haqida avval xabar bergandik. 

Davlatimiz rahbari yig`ilganlarni A.Aripovning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Nomzodning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi. 

Barchamiz yaxshi bilamiz, hozirgi paytda butun dunyoda axborot-kommunikasiya texnologiyalari davri, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu soha soat sayin shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozirgi kunimiz va kelajagimizni, bu soha rivojisiz tasavvur qilish mumkin emas. 

Bugungi kunda mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimiga o`tish borasida juda katta ishlar boshlangan va ularni bosqichma-bosqich mantiqiy davom ettirish muhim vazifa sifatida kun tartibida doimiy tarzda turadi.

Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasi qanchalik rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, butun mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta`minlash eng dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda, keyingi ikki oy davomida Bosh vazirning elektron portaliga tushgan 270 mingdan ortiq murojaat, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan “Xalq qabulxonalari”ga bo`ladigan murojaatlarning echimi bo`yicha ham aniq va tezkor ish tizimini yaratish talab etiladi. Bu ishlarga hukumat rahbarining shaxsan o`zi bosh-qosh bo`lishi zarur, dedi Prezidentimiz.

Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo`shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko`p marotaba har tomonlama sinovdan o`tkazganman.

Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo ob`ektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko`rgan joyidagi masalani o`zi mustaqil hal qiladi, agar o`zi echolmasa, aniq taklif beradi.

Davlatimiz rahbari A.Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga etib, uning echimi bo`yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta`kidladi.

A.Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta masalalarni hal etishda, ya`ni mamlakatimizni modernizasiya qilish va yangilashni yangi bosqichga ko`tarish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta`minlash bo`yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali asosda tashkil etish, Bosh vazir o`rinbosarlari, hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo`lib ishlash salohiyatiga ega. U o`ziga yuklatilgan har qanday topshiriqqa, katta yoki kichik demasdan, bir xil mas`uliyat bilan yondashadi, so`zsiz bajarish va mantiqiy yakuniga etkazish choralarini ko`radi.

Yana bir olijanob xislati – halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo`lishga intilishi, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatidir, dedi davlatimiz rahbari.

Boshqa yangiliklar