Shu munosabat bilan Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam poytaxtga tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
U Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bilan batafsil tanishib chiqqan.
Xususan, kunning birinchi yarmida poytaxtimizda barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida bo‘lib, qurilish ishlarining bugungi holatini o‘rgandi. Unga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda qurilish ishlariga mas’ul Xitoyning “CAMC engineering” kompaniyasi vakillari hamrohlik qilishdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida tashkiliy ishlar bo‘yicha uchrashuv o‘tkazilgan. Yig‘ilishda Toshkent-2025 direksiyasi xodimlari O‘yinlarga tayyorgarlik yuzasidan taqdimotni namoyish qilishdi.
Unda olib borilayotgan katta hajmdagi hozirlik, O‘yinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari va ular o‘tkaziladigan obyektlar, delegatsiyalarning tahminiy soni, transport-logistika masalasi va shu kabi tashkiliy mavzular haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘z o‘rnida, Husayn Al Musallam taqdimot yuzasidan fikr bildirar ekan, anti-doping, viza va aviaqatnovlar to‘g‘risida ham to‘xtalib, ushbu yo‘nalishlarni ham batafsil o‘rganish kerakligi yuzasidan fikr bildirdi.
Uchrashuv yakunida martabali mehmon O‘yinlarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘zining iliq fikrlarini bildirdi. Hususan, barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasi mamlakatimizning xalqaro maydondagi imkoniyatlarini yana bir karra namoyon etishini qo‘shimcha qildi.