AsosiyJamiyat

Toshkentda tundagi janjal oqibatida 5 kishi jarohatlandi

'Toshkentda tundagi janjal oqibatida 5 kishi jarohatlandi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida bir qancha fuqarolar janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirlarda odamlarning shovqin-suroni va so`kingani, ayrimlari boshqalarining ortidan quvganini ko`rish mumkin. Voqea ishtirokchilaridan biri esa avtomobilni odamlar ustiga haydagan.

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma`lum qilishicha, holat 3 iyul kuni taxminan soat 23:00 atrofida tumanning Qo`yliq-5 dahasida sodir bo`lgan. O`zaro tanish bo`lgan bir nechta fuqarolar — K.F., B.A., T.J., F.R. va I.U. og`zaki kelishmovchilik sababli janjallashib ketishgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning darakchi.uz'ga ma`lum qilishicha, janjalda to`rt kishi — 47 yoshli T.J., 22 yoshli F.R., 20 yoshli I.U. va 19 yoshli B.P. jarohatlangan. Voqea soat taxminan 19:00 atrofida 19 yoshli B.P.dan unga oldindan tanish bo`lgan K.F. hech qanday sabablarsiz 1 mln so`m pul talab qilganidan boshlangan.

Holatni jabrlangan yigit o`zining uch nafar tanishiga etkazgan va ular BYD Song Plus avtomobilida kelgan. Shu erda bo`lgan K.F. va B.A. hamda hozirda shaxsini aniqlashning imkoni bo`lmagan 3 nafar shaxs jabrlanuvchilardan 1 mln so`mni hech qanday arzigulik sabablarsiz talab qilgani sababli o`zaro janjallashgan va pul talab qilgan. So`ngra ular to`rt nafar jabrlanuvchi tanasining turli joylariga tan jarohatlari etkazgan.

Pul talab qilgan shaxslar jarohat olgan jabrlanuvchilar qochish uchun avtomashinada harakatlangan payti faol qarshilik ko`rsatgan. Avtomashinaning turli erlariga qo`l va oyoqlari bilan zarba berib, avtomashinani nosoz holatga keltirgan.

IIB xodimlari K.F.ni yashash xonadonidan hodisa sodir bo`lgan erga chaqirganda u takroran IIB xodimlarining talablariga bo`ysunmasdan yonida bo`lgan "pakki" pichog`i bilan o`ziga va boshqalarga tan jarohati etkazish bilan qo`rqitgan. Shu erda bo`lgan xodimlarga oldiga kelmaslikni aytib, agarda kelsa, pichoq bilan tan jarohati etkazishini bildirib, IIB xodimlariga turli haqoratomuz so`zlarni aytgan.

So`ng o`zining bo`yin sohasi o`ng tomoniga pichoq bilan tan jarohati etkazgan. IIB xodimlarining sa`y-harakatlari bilan uning qo`lidagi pichoq olib qo`yilgan.

Holat yuzasidan gumondor shaxslar ushlanib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar