Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda voyaga etmaganlarning to`y marosimi aks etgan video tarqaldi.
Holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida kuzatuvga olindi.
O`rganish davomida aniqlanishicha, 2008 yilda Shofirkon tumanida tug`ilgan A.A. (o`g`il bola) 2007 yilda Qorako`l tumanida tug`ilgan R.N. (qiz bola) ning o`rtasida ikkala voyaga etmaganning oilalari o`zaro kelishuvi asosida joriy yilning 29 iyun kuni Buxoro shahrida nikoh to`yi bo`lib o`tgan.
Mazkur holat yuzasidan Qorako`l tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi.
Bugun, 2 iyul kuni voyaga etmaganlarning ota-onalari N.S. va N.Q. larni MJtKning 47-3 moddasi (Nikoh yoshi to`g`risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan ma`muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborildi.
O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga asosan, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.
Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning ta`lim olish, sog`lig`ini saqlash hamda jismoniy, aqliy va ma`naviy uyg`un ravishda kamol topishi huquqlariga mutlaqo ziddir, deyiladi xabarda.






