Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 255-maktabgacha ta`lim muassasasida enaga bolaga shippak uloqtirib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Bolada zarbadan qonli gematoma paydo bo`lgan. Holatga Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Qayd etilishcha, so`nggi paytlarda turli ta`lim muassasalarida bolalarga qo`pol muomala yoki ozor berilishi oqibatida ularga turli darajadagi jarohat yoki emosional-psixologik ta`sir ko`rsatish faktlari uchramoqda.
Bolalar ombudsmani bola manfaatlarining bunday tarzda buzilishi holatlariga mutlaqo murosasiz bo`lib, tarbiyachi va pedagoglar o`zining birlamchi vazifasi, ya`ni bolaga ta`lim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sog`lig`iga zarar etkazishi - yo`l qo`yib bo`lmaydigan holat, deb hisoblaydi.
"Aynan shuning uchun ham maktabgacha ta`lim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo`ravonlik, nomunosib muomalaga yo`l qo`yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart.
Bunda javobgarlik choralari bolaning ota-onasi e`tiroz bildirishi yoki bildirmasligidan qat`iy nazar qo`llanilishi zarur. Zero, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zo`ravonlik holatining javobsiz qolishi nafaqat bunday noma`qul amaliyotni davom etishiga, balki farzandlarimiz ko`zida kattalarga bo`lgan ishonchni yo`qolishiga olib keladi.
Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 255-maktabgacha ta`lim muassasasida voyaga etmagan A.S. ga nisbatan bo`lgan holat bolaning onasi bilan bog`langan holda Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar organlari tomonidan o`rganilmoqda. Bu haqida qo`shimcha ma`lumot beriladi", - deyilgan rasmiy munosabatda.






