Aholini raqamli savodxonligini oshirish va texnologiyalardan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish hozirgi zamonaviy dunyoning asosiy talab va mezonlariga aylandi. Oddiy misol sifatida internetdan foydalana olish ko`nikmasini keltirish mumkin. Ba`zi bir tadqiqotlarga ko`ra joriy yilning yanvar holatiga mamlakatimizda 26,74 mln. Internet foydalanuvchisi va 5,35 mln. ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi mavjud bo`lib bu umumiy internet foydalanuvchilarining 20 foizini tashkil etadi.
Bu degani internet foydalanuvchilari soni umumiy aholi soniga nisbatan deyarli 75 foizini tashkil qilsada hozirgi zamonning keng tarqalgan ko`nikmalaridan biri bo`lmish ijtimoiy tarmoqlardan aholining qariyb 15 foizi foydalana oladi.
Shu munosabat bilan aholining raqamli savodxonligi va axborot madaniyatini rivojlantirish masalasi ayniqsa dolzarb bo`lib qolmoqda. Ushbu maqsadlarda respublikaning barcha tuman (shahar)larida raqamli texnologiyalar o`quv markazlari faoliyati bosqichma-bosqich yo`lga qo`yildi.
Bugungi kunda respublika bo`yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o`quv markazlarida 400ga yaqin yangi ish o`rinlari yaratilgan bo`lib ularda 2022 yilda jami 144 ming nafardan ortiq tinglovchilar, shu jumladan, 29 ming nafari davlat xodimlari va 115 ming yoshlar malakasi oshirildi.
2023 yil davomida ushbu markazlarda jami 180 mingnafar yoshlar va xodimlar IT yo`nalishi bo`yicha o`qitilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari ta`lim tashkilotlari, OAV va boshqa resurslar orqali raqamli maydonda kuzatilib turgan kiberjinoyatlarni oldini olish va ulardan saqlanish maqsadlarida mediasavodxonlik darslari va axborot ma`lumotlari tashkillashtirilgan. Ushbu tadbirlar natijasida aholi orasida raqamli shaxsiy ma`lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikdan tortib fishing va boshqa kiberjinoyatlarni oldini olishga qaratilgan zaruriy ko`nikmalar shakllantirilmoqda.
Shu bilan birgalikda “Raqamli O`zbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishning eng muhim shartlaridan biri aholining raqamli savodxonligini oshirishdan iboratdir.
Jumladan, Strategiyaga binoan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta`minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang`ich kompyuter savodxonligi ko`nikmalarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Yoshlar orasida raqamli savodxonlikni targ`ib qilish, hamda kompyuter dasturlash va IT-sohasiga keng jalb qilish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi joriy qilindi va ushbu loyiha doirasida yoshlarga dasturlash tillarini o`rgatish ishlari amalga oshirildi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 2021-2022 yillarda yoshlarni kompyuter dasturlash asoslariga bepul o`qitish bo`yicha sohaga qiziqadigan yoshlarni aniqlash, o`qitish va ish bilan ta`minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
Hozirda “Bir million dasturchi” loyiha doirasida 2,5 mln. nafardan ortiq foydalanuvchi ro`yxatdan o`tgan bo`lib, shundan 1,7 mln. nafardan ortiq ishtirokchi loyiha doirasida ta`lim olib, bitiruvchi sertifikatlarni qo`lga kiritgan.
Shu bilan birgalikda “Bir million dasturchi” doirasida va IT-Parkning ta`lim rezidentlarida IT sertifikatni qo`lga kiritgan yoshlarga kompyuter xaridi uchun 8,2 mln so`mmiqdoridagi imtiyozli kredit ularning shaxsiy plastik kartasiga o`tkazib berishi tartibi yo`lga qo`yildi.
“Bir million dasturchi” loyihasini mantiqiy keyingi bosqichini amalga oshirish maqsadida uzbekcoders platformasi orqali “Coursera” onlayn kurslarida yoshlar uchun ta`lim olish imkoniyati yaratildi.
2023-2024 yillarda platformaning barcha kontentlaridan foydalanish imkoniyatini beruvchi 10 ming dona professional kurslar uchun lisenziyalar olinadi, 2023-2025 yillar davomida 1,2 mln. yoshlar 8 ta yo`nalish bo`yicha onlayn kurslarda o`qitiladi.
Ma`lumot uchun: 2019-2022 yillarda “Bir million o`zbek dasturchi” loyihasi doirasida raqamlashtirish bo`yicha boshlang`ich bilimga ega bo`lib, sertifikatlarni qo`lga kiritganlar soni 1 mln. nafardan ortiqni tashkil etdi.






