AsosiyJamiyat

Mashina kuzovini va uning detallari rangini o`zgartirish javobgarlikka asos bo`lmaydi - Adliya vazirligi

'Mashina kuzovini va uning detallari rangini o`zgartirish javobgarlikka asos bo`lmaydi - Adliya vazirligi'ning rasmi

Adliya vazirligi Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, avtomototransport vositasi kuzovining yoki uning detallarining rangini o`zgartirganlik ma`muriy javobgarlikka asos bo`lmaydi.

Hozirgi kunda ko`plab muhokamalarga sabab bo`layotgan avtomobilning old kapoti hamda yon tomon ustunlariga qora rangli plyonka yopishtirganligi natijasida Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan MJtKning 125-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etganligi, ya`ni tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositasini boshqarganligi uchun jarima jazosi qo`llanilganligi hamda avtotransport vositasi bugungi kunga qadar mazkur Kodeksning 291-moddasi asosida vaqtincha ushlab turilganligi ma`lum qilingan.

Mazkur holatda Adliya vazirligi Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining fuqaroga nisbatan ma`muriy jazo chorasini qo`llash bilan bog`liq harakatlari qonunchilik normalariga zid hisoblaydi.

Xususan, MJtKning 125-moddasi uchinchi qismida haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo`lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi uchun javobgarlik belgilangan.

Avtotransport vositalarini qayta jihozlash bilan bog`liq masalalar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to`g`risida yagona nizomning 26-ilovasiga muvofiq Avtotransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma pasportida ko`rsatib o`tilgan.

Mazkur pasportning 12-bandida avtotransport vositasi qayta jihozlangan deb tan olinadigan o`zgarishlar ro`yxati ko`rsatilgan bo`lib, mazkur ro`yxatda avtotransportning kapot yoki boshqa qismlari rangi o`zgartirilishi nazarda tutilmagan va bu holat uchun ruxsatnoma talab qilinishi belgilanmagan.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 20 va 55-moddalariga ko`ra, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo`llaniladigan huquqiy ta`sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun etarli bo`lishi kerak.

Inson bilan davlat organlarining o`zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli etkazilgan zararning o`rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.

Shunga ko`ra, kelgusida yuqoridagi holatlarni oldini olish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan 2023 yil 17 oktyabrda Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar