Andijonda 18 yoshli qizning behayo rasmlarini tarqatish bilan qo`rqitgan "kuyov bola" aslida ayol ekanligi aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik departamenti xabar berdi.
Unga ko`ra, Andijon tumanida yashovchi 18 yoshli (ayol) A.R. ariza bilan murojaat qilib, “Abror” ismli noma`lum shaxs uning turli foto-suratlari va behayo videolarini internet ijtimoiy tarmoqlariga joylash bilan qo`rqitib, tasvirlarni tarqatmaslik evaziga pul so`rayotganini bildirgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tadbirlar natijasida, mazkur jinoyatni Namangan shahrida yashovchi 20 yoshli O.A. sodir etgani ma`lum bo`lgan.
Gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan O.A. Telegram messenjeri orqali jabrlanuvchiga o`zini “Abror” deb tanishtirib, A.R.ni yaxshi ko`rib qolganini, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytib, uning ishonchiga kirgan. Shu orqali u qizning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qo`lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo`rqitgan. "Kuyov bola" fotosuratlar va videotasvirlarni tarqatmaslik evaziga 1 million so`m pul olayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, O.A.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qonunchilikka muvofiq, bunday jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.






