O`zbekiston Avtomobil yo`llari qo`mitasida Janubiy Koreyaning «SAMAN» va «KECC» kompaniyalari mutasaddilari bilan muzokaralar bo`lib o`tdi.
Uchrashuv chog`ida uzoq muddatli bosh reja, boshqaruv yo`riqnomalari, davlat xususiy sherikchilik asosida yo`llarni ekspluatasiya qilish va saqlash sifatini nazorat qilish standartlari hamda salohiyatni oshirish dasturlarini taqdim etish orqali O`zbekistonda davlat xususiy sherikchilik asosida quriladigan yo`llar uchun huquqiy asos yaratish masalalari muhokama qilindi. Kutilayotgan natijalar davlat xususiy sherikchilik asosidagi yo`llarni ekspluatasiya qilish va saqlash bo`yicha uzoq muddatli bosh rejani ishlab chiqish hisoblanadi.
Koreya Respublikasi vakillari bilan muloqotdan so`ng, muzokalar konferensiya tarzida davom ettirildi. Unda Avtomobil yo`llari qo`mitasi va uning tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari, ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ham ishtirok etishdi. Hamkorlarning ta`kidlashicha, davlat xususiy sherikchiligi asosida quriladigan yo`llar mamlakat iqtisodiy o`sishi, shuningdek, aholining sifatli yo`ldan foyladalanishi va soha rivoji uchun birdek unumli.
Umumiy qiymati 1 million AQSh dollarni tashkil etgan grant loyihasi doirasida O`zbekistondagi mavjud yo`llar o`rganiladi, yo`llarni ekspluatasiya qilish, ta`mirlash, saqlash bo`yicha yo`riqnomalar ishlab chiqiladi. Davlat xususiy sherikchiligi asosida quriladigan yo`llar doimiy nazoratda bo`ladi va monitoring qilib boriladi.
Bo`lib o`tgan uchrashuv yakunida ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmini yaratish bo`yicha kelishib olindi.






