Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Andijon viloyatining Oltinko`l tumanida yashovchi 3 nafar fuqaroning Suriyadagi jangarilar safiga borib qo`shilishlarining oldi olindi.
Aniqlanishicha, ular hozirda jangarilar safida bo`lgan “Abu Saloh”, “Abu Valid” va “Ayub” laqabli shaxslarning internet tarmog`ida yoshlarni terroristik guruhlarga qo`shilishga chorlovchi da`vatlari ta`siriga tushishgan hamda oila a`zolarining qarshiligiga qaramasdan Suriyaga ketishni maqsad qilishgan.
Jumladan, fuqaro A.O`. “Telegram” messenjerida “Abu Valid” bilan aloqada bo`lib, uning ko`rsatmasi bilan turli virtual kanal va guruhlar ochgan hamda targ`ibot ishlarini olib borgan.
Keyinroq, u mahalladoshi I.D. bilan til biriktirib, Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qo`shilishni reja qilishgan.
O`z navbatida, I.D. yaqin o`rtog`i G`.L.ni ham o`zlari bilan ketishga ko`ndirgan.
Ta`kilash lozimki, mazkur shaxslar boshqalarning e`tiborini tortmaslik maqsadida, xorijda migrantlarni ish bilan ta`minlovchi xususiy bandlik firmasi orqali Turkiya davlatiga borib, so`ngra Suriyaga o`tmoqchi bo`lishgan.
Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






