Eryong`oqning yangi "Lider" navi yaratildi. Bu haqda Qishloq xo`jaligi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent davlat agrar universiteti Meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakulteti professori, qishloq xo`jaligi fanlari doktori Maxfurat Amanova 17 yil davomida eryong`oqning yangi turini yaratish ustida bir qator ilmiy izlanishlar olib borgan.
Izlanishlar natijasida olima eryong`oqning dunyo bozori va mahalliy dehqon fermer xo`jaliklarining talablarini qondira oladigan ertapishar, serhosil, yirik qizil urug`li, urug`i tarkibida moy va oqsil miqdori yuqori bo`lgan "Lider” navini yaratishga va Davlat Reestriga kiritilishiga muvaffaq bo`ldi.
“Ushbu yangi nav ham pichan jihatidan, ham hosildorligi jihatidan juda yuqori potensialga ega bo`lgan yangi nav. Ayni vaqtda eryong`oqdan eng maksimal hosildorlik AQShda 4-4,5 tonna, Xitoyda 3-3,5 tonna, bizning respublikamizda birinchi 6,5 tonnagacha hosil olinyapti"- deydi Maxfurat Amanova.






