Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo`mitasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, xalqaro kur`erlik jo`natmalari orqali xorijdan kuchli ta`sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilish bilan shug`ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi.
Xususan, aviajo`natmalar orqali Xitoy davlatidan kosmetika mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan vosita nomi ostida yuborilgan 5 kg. “Pregabalin” moddasi to`xtatib qolindi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu kuchli ta`sir qiluvchi modda 2000 va 2002 yillarda tug`ilgan 3 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli ekanligi aniqlanib, ular harakatlanayotgan, 1994 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. Natijada, avtomashina salonida bo`lgan 1500 dona “Pregabalin” va 90 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, Toshkent shahrining M.Ulug`bek tumanida ular ijaraga olgan xonadon ko`zdan kechirilganda, ushbu manzilda yashirin laboratoriya tashkil etilganligi va jinoiy guruh a`zolari bo`lgan – 2003 va 2005 yillarda tug`ilgan 2 nafar qiz kimyoviy moddalarni aralashtirgan holda kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va bo`sh kapsulalarga qadoqlash bilan shug`ullanishlari ma`lum bo`ldi.
Mazkur xonadondan sotishga tayyorlab qo`yilgan 376 dona “Pregabalin” kapsulasi, 101 dona flakonda “Tropikamid”, 14 kg 150 gr. kuchli ta`sir qiluvchi moddalari kukuni, 9 ta polietilen qopda bo`sh kapsula va flakonlar, 20 litr xlorid kislotasi, elektron torozi, kolba, mikser va shprislar prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda jinoiy guruhning 6 nafar a`zosiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 251 prim 1 moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






