Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanidagi xonadonlardan birida sher bolasi boqilayotgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent hayvonot bog`i matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, Ekologiya vazirligi xodimlari jonivorni Toshkent hayvonot bog`iga olib kelgan. Arslon bolasi noto`g`ri sharoitda saqlangani va to`g`ri ovqatlantirilmagani qayd etilgan.
"Uning ahvoliga qarab sher bolasi noto`g`ri oziqlantirilganini sezish mumkin. Xonadon egalarining aytishicha, unga faqat tovuq go`shti va suyagi berilgan. Oqibatda to`rt oylik sher bolasi uchinchi darajali raxit kasalligini orttirib olgan", deyiladi bu haqdagi ma`lumotda.
Xonadon egalariga ushbu yirtqich bolasi qaerdan kelib qolgani haqida aniq ma`lumotlar mavjud emas. Hozirda u kerakli mutaxassislar nazoratiga olingan.






