AsosiyJamiyat

Bloger Olimjon Haydarovning ishi sudga oshirilib, unga yangi ayblovlar qo`yildi

'Bloger Olimjon Haydarovning ishi sudga oshirilib, unga yangi ayblovlar qo`yildi'ning rasmi

10 oktyabr kuni Farg`ona viloyati huquq-tartibot idoralari bloger Olimjon Haydarovga nisbatan tergovni yakunlab, 13 oktyabr kuni ishni Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudiga o`tkazdi.

Unga ko`ra, 10 oktyabr kuni tergov organi Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog`ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi «a» bandi (og`ir yoki o`ta og`ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (jabrlanuvchini o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog`liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi «a» «b» bandlari (takroran yoki xavfli residivist tomonidan, ko`p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e`lon qilingan. Unga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Sud muhokamasi sanasi keyinroq e`lon qilinadi, dedi Oliy sud.

Uning advokati Dilshod Jabborov "Gazeta.uz"ga blogerga qo`yilgan ayblovlar o`z tasdig`ini topmagan, deb hisoblashini aytdi.

Eslatib o`tamiz, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan farg`onalik bloger Olimjon Haydarov jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, 29 iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida qo`lga olingandi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahar sudi qarorida qayd etilishicha, bloger o`t o`chirish mashinalari o`tish uchun masofa kengaygani sababli savdo rastalari maydoni qisqargani haqida tanqidiy material tayyorlagan (iyun oyida bozorda yirik yong`in sodir bo`lgan, hodisa payti tor yo`laklar tufayli o`t o`chiruvchilar o`tib keta olmagani xabar qilingan).

Mahbusning ukasi Olimjon Haydarovning o`ziga tayanib xabar berishicha, u Bog`dod tumanida ko`chada tanishi bilan gaplashib turganida ichki ishlar xodimlari kelib, qo`lini orqasiga qayirib, akamning mashinasiga pul tashlab, majburlab qo`lini [kimyoviy ishlov berilgan pulga] tekkizdirishgan. Ushbu ma`lumot tasdiqlanmadi yoki rad etilmadi.

    Boshqa yangiliklar