Prezident Shavkat Mirziyoev “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko`rdi.
Bu majmua 1972 yilda qurilgan. Bu erdagi 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta ko`p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarga issiqlik etkazib beradi.
O`tgan qishda havo keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz bosimi pasayib, iste`molchilarga issiqlik etkazish qiyin bo`lgan edi. Shuning uchun joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilg`idan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xo`jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar ta`mirlandi. Shuningdek, gaz bosimini ta`minlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi.
Bu sa`y-harakatlar natijasida kuz-qish mavsumida iste`molchilarni issiqlik bilan uzluksiz ta`minlash imkoni yaratildi. Xususan, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyasiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo`qotilishi kamaytirilgan. Natijada aholiga 65 darajadan kam bo`lmagan issiqlik etkazib beriladi.
Xuddi shu tartibda 5-sonli issiqlik markazi ham modernizasiya qilingan.
Ochig`i, uzoq yillar davomida bu tizimga e`tibor bo`lmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan o`zini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi bo`lmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. O`tgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik ta`minotini modernizasiya qilayapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini ko`rish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.






