Adliya vazirligi “Bolalarni zo`ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to`g`risida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo`ydi.
Qonun loyihasiga muvofiq, bolalarga nisbatan zo`ravonlik shakllariga quyidagilar kiradi:
jismoniy zo`ravonlik;
jinsiy zo`ravonlik;
ruhiy zo`ravonlik;
ekspluatasiya;
bulling;
g`amxo`rlik ko`rsatmaslik.
Bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:
himoya orderini berish;
huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko`rsatish;
zo`ravonlikdan jabrlanuvchi bolalar oilalarini mustahkamlash va qo`llab quvvatlash;
bolani ota-onadan (ularning o`rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o`z qaramog`iga olgan boshqa shaxslardan olish;
zo`ravonlik xulq-atvorini o`zgartirish bo`yicha tuzatish dasturlaridan o`tish;
jinsiy zo`ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
Himoya orderi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy organlari (vakolatli organ) tomonidan beriladi.
Vakolatli organ sodir etilgan zo`ravonlik holati yuzasidan murojaat yoki ma`lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida himoya orderini beradi yoki himoya orderini berishni rad etadi. Berilgan himoya orderini topshirish ichki ishlar organlariga yuklatiladi.
Himoya orderining amal qilish muddati — 30 kun. Himoya orderini topshirgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi zo`ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari to`g`risida xabardor qiladi.
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
zo`ravonlik sodir etishni taqiqlash;
zo`ravonlik sodir etgan shaxsning zo`ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini (shuningdek, bir xonada yoki transport vositasida birga bo`lishini) taqiqlash;
zo`ravonlik sodir etgan shaxsga qurolni xarid qilish va olib yurishni taqiqlash.
Loyiha o`zgartirilishi, to`ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.






