Samarqanddagi maktablarning birida maktab o`qituvchisi va farroshi portalga yozgani uchun direktorning tanishlari tomonidan kaltaklangani aytildi.
Holat yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur murojaat Urgut tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo`limi mas`ullari tomonidan o`rganildi. 9 oktyabr kuni 93-maktabda farrosh bo`lib ishlovchi S. G.ning Prezident administrasiyasiga 26 sentyabr kuni maktab direktori L.R. va xo`jalik ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari F.A.ning xatti-harakatidan norozi bo`lib qilgan murojaati pedagogik jamoa bilan birgalikda o`rganib chiqish uchun G.S. maktabga chaqirtirilgan.
Shuningdek, ushbu arizani o`rganib chiqish jarayonida qatnashgan o`qituvchilar (maktab direktori o`rinbosarlari F.Ahmedov, N.Toshmurodova, maktab kasaba uyushmasi raisi S.Nishonova, 11-sinf rahbarlari M.Nodirova, M.Xushvaqtova, D.Azimovalar) bilan suhbat jarayonida maktab farroshi G.S.ni hech kim urmaganini bayon qilishgan.
Maktab direktori ham o`z tushuntirish xatida yuqoridagi murojaat farrosh tomonidan uyushtirilgan “navbatdagi bo`hton” deya ta`kidlagan.
"Ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan Telegram yozishmalarida ko`rsatilgan plastik raqami ham direktorga tegishli emasligi, ayni paytda ushbu holat bo`yicha maktab direktori huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilganini ma`lum qilgan. Vaziyat bo`yicha huquqiy baho vakolatli organlar tomonidan beriladi", deyiladi xabarda.






