2021-yilda voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilib, tergov qilingan jami jinoyat ishlari soni 1 831 tani tashkil qilgan bo`lsa, mazkur ko`rsatkich 2022-yilga kelib 2 194 taga etgan. Bu haqda Adliya vazirligi ishlab chiqqan bolalarni zo`ravonlikdan himoya qilishga doir qonun loyihasida ma`lum qilinmoqda.
Bolalarning jinsiy erkinligiga qarshi esa 2021 yilda 334 ta va 2022 yilda 395 ta jinoyat ishlari tergov qilingan bo`lib, ushbu turdagi jinoyatlar voyaga etmaganlarga nisbatan jami sodir etilgan jinoyatlarning o`rtacha 18 foizni tashkil qilmoqda.
Oxirgi 3 yilda 2 072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Shundan 1 777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan bo`lsa, 23 nafari ota-onalik huquqini suiiste`mol qilgan, bolalarga nisbatan shafqasiz muomalada bo`lgan, kuch ishlatgan yoki ruhiy ta`sir ko`rsatgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda 1,5 mingdan ortiq bolalar mehribonlik uylari, "Muruvvat" uylari, bolalar uylari va tutingan oilalarda tarbiya olishmoqda. Bola huquqlari bo`yicha xalqaro standartlar va talablarga ko`ra ushbu bolalarga nisbatan zo`ravonlik sodir etish xavfi yuqori hisoblanadi.






