Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan viloyat perinatal markazida yosh bolali ayollar polda yotgani aytilgan xabarlar tarqalgandi. Viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi buni asossiz ma`lumot demoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati perinatal markazida yangi ko`zi yorigan ayollar va chaqaloqlar erda yotgani haqidagi ma`lumotlar e`lon qilindi. Mazkur holat viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi mas`ullari tomonidan tezkor o`rganildi.
Aniqlanishicha, xabarda ta`kidlangan ma`lumotlar asossiz. 2023 yil 11-oktyabr kuni viloyat perinatal markazida 186 nafar homilador va ko`zi yorigan ayol mavjud bo`lgan. 200 o`ringa ega mazkur markazda shu kuni suratda aks etgan holat aslo kuzatilmagan (suratning qachon va qaerda olingani bo`yicha qo`shimcha o`rganishlar olib borilmoqda).
Ayollar va chaqaloqlarning biror nafari ham erda yotmagan, har bir ayolga zarur sharoitlar yaratilgan. Homilador va tug`gan ayollar bilan suhbatlashilganda ham ushbu holat tasdiqlanmadi, — deyiladi rasmiy munosabatda.
Qo`shimcha qilinishicha, ushbu markazga 20 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Bobonazar Shodiev rahbarlik qilmoqda.






