Xalqimizda “suvtekin” degan so`z bor. U odatda “bepul emas, ammo o`ta arzon” degan ma`noda ishlatiladi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin bo`lgandir, ammo bunday ta`rif bugungi reallikka mutlaqo to`g`ri kelmaydi.
Ichimlik suv hajmlari ayniqsa bizning mintaqada juda cheklangan va aholi ehtiyoji ortib borgan sari uning hajmlari kamayib bormoqda. Bundan tashqari, aholining ichimlik suv ta`minoti juda katta xarajatlarni talab etadi. Shunday ekan, suv tejab ishlatilgandagina, uni hammaga etkazish mumkin.
Tejamkorlikka esa birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va odamlarni suv isrof qilmaslikka majbur qiladigan darajada bo`lgan tariflar bilan erishiladi. Suv ta`minoti yaxshi yo`lga qo`yilgan istalgan davlatni oling, tejamkorlik hissi madaniyatning ajralmas hissiga aylangan.
Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o`rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo`lmaydi. Suv qancha arzon bo`lsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivasiya berishi va majbur qilishi mumkin.
Hozirga kelib, ichimlik suv ishlab chiqarish va uni aholiga etkazib berish suvni jamlash, filtrlash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan o`tadi. Minglab ishchilar, mutaxassislarning mashaqqatli mehnati evaziga biz xonadonimizda jo`mrakni bir burab, istagancha suv ishlatish imkoniga egamiz.
O`zbekiston hududida ichimlik suvi ta`minotining 42 foizi er osti va 58 foizi er usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi. “O`zsuvta`minot” AJ bergan ma`lumotlarga qaraganda, bugungi kunda, 1m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish o`rtacha tannarxi 1 681so`mni tashkil etadi. Bu ko`rsatkich hududga qarab turlicha, masalan: Qoraqolpog`istonda – 3221 so`m; Sirdaryo viloyatida – 2 374 so`m; Toshkent viloyatida – 1 722 so`m.
Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan boshqa yana qanday omillar ta`sir qiladi?
1.Tariflar so`nggi 3 yildan buyon o`zgarmay kelayotganligi natijasida o`rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 960 mlrd so`m qoplanmasdan qolgan. Bu esa qo`shimcha qarz xarajatlarini keltirib chiqaradi;
2. So`nggi 3 yilda iste`molchilar soni 3,2 mln nafarga (808 ming abonent) oshgan. Ularga ichimlik suv etkazib berish esa yanada ko`proq mehnat va xarajatlarni talab etishi tabiiy;
3. Suvni uzoq masofaga etkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, bu yil elektr energiyasi xarajatlari oshganini ham eslab o`tish joiz;
4. Muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal ta`mirlash xarajatlari.
Ichimlik suv ta`minoti tizimida bozor narxlari mexanizmlariga o`tish vaqti allaqachon etib kelgan. Iste`mol uchun real narxlarda pul to`lagan odam hech qachon uni isrof qilmaydi, suvdan xo`jasizlarcha foydalanmaydi. Qolaversa, bu suv ta`minoti tizimidagi korxonalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, hali suv etib bormagan hududlarimizda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ham imkon yaratadi.
“O`zsuvta`minot” AJ bergan ma`lumotlarda aytilishicha, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta`mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish xaqi xarajatlari 29 foizni, amortizasiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi. Tannarxning oshishiga qo`shimcha omillar ham ta`sir qilmoqda. Jumladan, 2022 yildan boshlab foydalanuvchilarga ichimlik suv tarmoqlarini uy xo`jaligigacha kiritish va 2023 yil 1 yanvardan boshlab aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “O`zsuvta`minot” AJ va hududiy suv ta`minoti korxonalarining mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, buning uchun respublika bo`yiicha jami 902mlrd so`m mablag`lar talab etiladi. Ushbu mablag`lar bugungi kungi tarif xarajatlarida ko`zda tutilmagan.
Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv inshootlarini qo`riqlash xizmati to`lovlari so`nggi uch yilda 6 marta oshganligi natijasida 18,5mlrd so`m qo`shimcha to`lovlar kelib chiqqan.
Masalaning eng o`ylantiradigan tomoni shundaki, bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko`zda tutilmagan. Soha xodimlarining ish xaqi miqdorlari esa so`nggi 3 yilda o`rtacha 1,3 mln so`mdan 1,4 mln so`mga yoki bor-yo`g`i 10 foizga oshirilgan.
Respublika bo`yicha aholiga eng arzon tarif – Toshkent shahrida 1metr3 uchun 400so`m, eng qimmat tarif qiymati – Navoiy viloyatida 3 000so`mni tashkil etadi.
Hozirgi tariflar bilan hisoblaydigan bo`lsak, aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali etkazilayotgan ichimlik suvning 1litri 1 so`m 38 tiyinga to`g`ri keladi. Savdo do`konlarida esa 1litr plastik qadoqdagi suv o`rtacha 3000so`mni tashkil etmoqda. Bundan ko`rinadiki, ichimlik suv narxi 2 200baravar arzon yoki savdo do`konlarida harid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suv etkazib beriladi.






