Ommaviy axborot vositalarida Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan Botanika bog`ining Toshkent shahar hokimligi balansiga o`tkazish borasida bir nechta boshqarmalar, jumladan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi bilan kelishilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ekologiya vazirligi qayd etishicha, Prezidentning "Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, vazirlik Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Botanika bog`i faoliyatini takomillashtirish bo`yicha qaror loyihasini kiritgan.
Loyihada bog`ning mavjud o`simlik turlari tarkibini boyitish, sun`iy yaratilgan sharoitlarda etishtiriladigan yovvoyi holda o`suvchi hamda chet el floralariga mansub introdusent o`simliklar turlarini ko`paytirish, mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda foydalanish uchun tajriba hamda realizasiya qilish ko`chatxonalarini tashkil etish, Qizil kitobga kiritilgan, noyob va yo`qolib borayotgan O`zbekiston florasi turlarini saqlash va tabiiy sharoitga reintroduksiya qilish, mahalliy va iqlimlashtirilgan dorivor o`simliklar genofondini saqlash va boyitib borish ko`zda tutilgan.
Ma`lumot uchun, Toshkent Botanika bog`iga fundamental va amaliy tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida 1943 yilda asos solingan. Umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo`lgan bog`da turli mintaqalardan jamlangan 2400 dan ortiq o`simlik turlari va navlari o`stirilmoqda. Mavjud ilmiy kolleksiyalarning salmog`iga ko`ra Markaziy Osiyoda etakchilik qiladi.
Botanika bog`i 118 ta davlatdagi 800 ta botanika bog`lari bilan ish olib boruvchi hamda o`simliklarni saqlab qolish bo`yicha o`zaro hamkorlikni ta`minlovchi dunyodagi eng nufuzli Xalqaro Botanika bog`larini himoya qilish ( tashkilotiga a`zodir.
Qolaversa, Botanika bog`i bioxilma-xillikni saqlash, ekologiya bo`yicha bilim va ko`nikmalarni shakllantirish, manzarali, qimmatbaho, dorivor o`simliklar, daraxt va butalarni introduksiyalash va etishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish yo`nalishlarida tadqiqotlar olib boruvchi etakchi ilmiy akademik tashkilot hisoblanadi.
Botanika bog`ida O`zbekiston tabiiy florasiga mansub o`simliklar genofondi saqlanmoqda. Ushbu genofond orqali mamlakat bo`ylab O`zbekiston florasida hozirgi kunda mavjud bo`lmagan o`simlik turlarini etishtirish va o`stirish imkoniyati mavjud.
Ushbu noyob ilmiy maskanning tasarrufdan chiqarib, boshqa vazirlik yoki idoraga berilishi mamlakatimizda botanika sohasidagi fundamental tadqiqotlarning jiddiy susayishiga hamda mintaqadagi ilmiy pozisiyaning kuchsizlantirilishiga olib keladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, o`simlik turlarini saqlash va muhofaza qilish, kamyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan o`simlik turlari, dorivor va manzarali, texnik jihatdan ahamiyatli o`simlik turlarining populyasiyalariga zarar etkazmaslik hamda ularning degradasiyasining oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi va Fanlar akademiyasi tomonidan Botanika bog`ining ilmiy salohiyatini yanada oshirishga doir loyiha kiritilgan.






