Ijtimoiy tarmoqlarda “Shaxsga nisbatan zo`ravonlikning navbatdagi ko`rinishi bojxonachilardanligi to`g`risida shikoyat kelmoqda” nomli xabar tarqaldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) xabarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, shikoyatlarda gumonlanuvchi E.E. Bojxona xizmati xodimlari tomonidan ushlanib, giyohvandlik moddasi bo`yicha so`roq qilinib, tanasining turli joylariga elektroshoker qo`llanilgani va kaltaklanganini qayd etgan. Shuningdek, shikoyatda ushbu holat bo`yicha Toshkent viloyati Bojxona xizmati xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko`rilishi so`ralgan.
Biroq gumonlanuvchi E.E. tomonidan u ushlab turilgan joy haqida ma`lumot berilmagan. Shu bois, Ombudsman xodimlari tomonidan tezkorlik bilan xabarda qayd etilgan gumonlanuvchi E.E.ning shaxsiga va u ushlab turilgan joyga aniqlik kiritilgan. Ma`lum bo`lishicha, gumonlanuvchi E.E. Toshkent viloyatidagi 1-son Tergov hibsxonasida ushlab turilgan.
Ushbu xabar yuzasidan Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili hibsxonaga borib, gumonlanuvchi E.E. bilan holi tarzda suhbatlashgan, gumonlanuvchidan yuqoridagi holat yuzasidan batafsil tushuntirish olingan va shikoyat qabul qilingan.
“Xabarda qayd etilgan holat va gumonlanuvchi E.E.ning Ombudsman nomiga yozgan shikoyati Jinoyat-prosessual kodeksiga muvofiq, ko`rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga Ombudsman talabnomasi bilan kiritildi”, — deyiladi munosabatda.






