Ijtimoiy tarmoqlarda “Endi xonadonda birdaniga uchta kondisionerni ulasangiz hisoblagich tokni avtomatik tarzda uzadi” yoki “hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritiladi” sarlavhali xabarlar keng tarqalib, bu, o`z navbatida, ko`pchilik elektr energiyasi iste`molchilari orasida turli tushunmovchiliklar va qator savollarni keltirib chiqarmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur holat yuzasidan Darakchi.uz quyidagilarni ma`lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori bilan o`zgartirish kiritilgan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning tegishli bandiga asosan, joriy yil 1 noyabrdan boshlab iste`molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo`lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangan.
Ta`kidlash joizki, bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma`lum bir hududlarda iste`molchilarni uzoq vaqt elektr ta`minotidan uzilib qolmasligini ta`minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo`llaniladi. Ya`ni, bu yil qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina vaqtincha elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.
Ma`lumot o`rnida, yuqoridagi qarorga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste`molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo`lgan qurilmalarning minimal quvvatidan hamda joylashgan hududidan kelib chiqqan holda, hisoblagich orqali 10-15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilanganini e`tirof etish joiz.
Shu o`rinda, qator ijtimoiy tarmoqlar hamda blogerlardan aholi orasida turli tushunmovchiliklar keltirib chiqarmaslik uchun soha mutaxassislari hamda vakolatli tashkilotlardan rasmiy ma`lumot olmasdan turib bunday xabarlarni tarqatmasliklarini so`rab qolamiz.






