Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo`layotgan yangilik, ya`ni Botanika bog`ining Toshkent shahar hokimligiga berilishiga oid barcha xabarlarga hokimlik o`z munosabatini bildirdi:
Project.gov.uz portalida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog`lari faoliyati va ularni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi qarori loyihasi (10.04.2023 yildagi ID-84377) e`lon qilindi.
Unga ko`ra, madaniyat va istirohat bog`larini viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog`larini boshqarish direksiyalari” tasarrufiga o`tkazish ko`zda tutilgan.
Eslatib o`tamiz, project.gov.uz portali loyihalarning jamoatchilik muhokamasini o`tkazishni nazarda tutadi va faqat jamoatchilik tomonidan qabul qilingandan keyingina hujjat vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadi va u kuchga kiradi.
Ma`lumot uchun: Loyiha “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2023-yil 24-martdagi PQ-102-sonli qarori ijrosi doirasida respublikadagi bog`lar faoliyatini yanada takomillashtirish, aholining bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun qulayliklar yaratish, madaniy-ma`rifiy tadbirlarni o`tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida Davlat aktivlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Botanika bog`i istirohat bog`i emas, u nafaqat ko`p navli o`simliklarni, balki shu soha mutaxassislarini ham etishtirishga yordam beradigan ilm-fan dargohidir. U - nafaqat poytaxtning, balki butun mamlakatning durdonasidir.
Vaziyatni o`rgangan va Botanika bog`i mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda, shuni ma`lum qilamizki, Botanika bog`i Toshkent shahar hokimligi balansiga o`tkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas. Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o`simliklar genofondini saqlash va ko`paytirishdagi ahamiyatini e`tirof etadi va uni istirohat bog`iga aylantirishga yo`l qo`ymaydi, deyiladi munosabatda.






