AsosiyJamiyat

Rossiyadagi o`zbek migrantlarga ijtimoiy kafolatlarni ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi

'Rossiyadagi o`zbek migrantlarga ijtimoiy kafolatlarni ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev va  Vladimir Putin muzokaralardan so`ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o`tkazdilar.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidenti va xalqiga samimiy qabul va iliq mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Etakchilar sezmazmun muzokara o`tkazganlari, ularda O`zbekiston-Rossiya munosabatlarining barcha yo`nalishlari batafsil muhokama qilingani, o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olinganini ta`kidladilar. Ikki tomonlama ko`p qirrali hamkorlik yuqori sur`atda ekanini, barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini qayd etdilar.

O`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi marralarga etkazish borasidagi intilish qat`iy ekani tasdiqlandi.

O`zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko`rsatkichlar barqaror o`sib borayotgani, balki sifat jihatidan o`zgarishlar ro`y berganiga e`tibor qaratdi. Xususan, ilgari o`zaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan bo`lsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlarga to`g`ri kelmoqda.

Investisiya sohasida ham engil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sog`liqni saqlash va farmasevtika tarmoqlarida innovasion loyihalar salmog`i ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizga ijtimoiy kafolatlarni ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Rossiya fuqarolari orasida O`zbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyalik sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani ko`rsatib o`tildi.

Tomonlar 2024-2025 yillarda Madaniyat, san`at va adabiyot kunlarini o`zaro tashkil etishga kelishib oldilar.

Madaniyat, ta`lim va tibbiyot sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi aytildi.

Prezidentlar an`anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish masalalari diqqat markazida qolayotganini ta`kidladilar.

Tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, O`zbekiston va Rossiya xalqlari o`rtasidagi do`stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar