AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi

'Shavkat Mirziyoev va Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Kremlda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoev Vladimir Putinga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holatini yuksak baholadi.

Tomonlar O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikning jadal sur`atini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan Hukumat rahbarlari darajasidagi qo`shma komissiyaning to`rtinchi yig`ilishi, tibbiyot, rektorlar va hududlar forumlari muvaffaqiyatli o`tkazilgani ta`kidlandi.

Sanoat kooperasiyasi jadal rivojlanmoqda. O`zbekistonda Rossiya investisiyalari hajmi oshib bormoqda.

Prezidentlar hududlar o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini qayd etdilar. 4 oktyabr kuni Qozon shahrida o`tgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.

Hududlar kesimida sanoat kooperasiyasi bo`yicha yil bo`yi o`zaro tashriflar reja-jadvalini o`z ichiga olgan “yo`l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv chog`ida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O`zbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni ta`minlash masalalari ham batafsil ko`rib chiqildi.

Kuni kecha Butunrossiya ko`rgazma markazida O`zbekistonning yangilangan paviloni ochildi.

Prezidentlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholadilar. Muhim madaniy voqealar: Moskvada “Lazgi” milliy baleti premerasi, O`zbekiston madaniyati kunlari, mamlakatimizda esa “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar bo`lib o`tdi.

Davlat rahbarlari 2024-2025 yillarga mo`ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Samimiy va do`stona o`tgan uchrashuv yakunida tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkalash borasidagi intilish qat`iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar