Toshkent viloyati Toshkent tumanida mamlakat hududiga moslashtirish va seleksiya qilish maqsadida ekilgan qimmatbaho navli noyob yong`oq daraxtlari nobud qilinayotgani aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura.
Bosh prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi hamda O`zbekkosmos agentligi tomonidan hamkorlikda O`rmon agentligi huzuridagi Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan manzarali bog`dorchilik va o`rmon ilmiy-tajriba xo`jaligi (xalq tilidagi «Dendropark») hududidagi o`simliklar dunyosi ahvoli aerokosmik tahlil asosida o`rganilib, yillar kesimida xo`jalik hududidagi yashillik darajasi qisqarayotganligi aniqlandi.
Shu sababli, prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi, ilm-fan va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, bevosita xo`jalik hududiga chiqqan holda yuzaga kelgan vaziyat o`rganilganda, o`tgan asrning 60 yillaridan boshlab mamlakat hududiga moslashtirish va seleksiya qilish maqsadida ekilgan qimmatbaho navli noyob yong`oq daraxtlari nobud qilinayotgani ma`lum bo`ldi.
Xususan, o`rganishda daraxtlarning parvarishiga mas`uliyatsizlik bilan yondashilganligi oqibatida 103 tup yong`oq daraxtining qurib qolishiga olib kelingani, shuningdek 85 tup ko`p yillik yong`oq daraxtining kesilib, ildizi bilan qo`porib olinganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, ilmiy-tajriba xo`jaligi hududida turli fuqarolar va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan manzarali bog`dorchilik va o`rmon sohasiga aloqasi bo`lmagan xo`jalik faoliyati olib borilayotganligi, ko`plab kapital qurilishlar amalga oshirilganligi aniqlanib, xo`jalik hududidagi mazkur qurilishlarning qonuniyligi va aerokosmik tahlil asosida boshqa daraxtlarning kesilishi holatlari tegishli davlat idoralari mutaxassislari ishtirokida to`liq va har tomonlama o`rganilishi boshlandi.






