Rasmiy tashrif bilan Moskvada bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan muzokara o`tkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, uchrashuv Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazida bo`lib o`tdi.
Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o`tkazilgani, uning yakunida ikki mamlakat hududlari o`rtasida 3,5 milliard dollarlik hujjatlar imzolanganini olqishladi.
Tovar ayirboshlash sur`atini saqlab qolish va kooperasiya aloqalarini kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi. Sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish bo`yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo`shma Ishchi guruhi tuzilgan.
Raqamlashtirish, sog`liqni saqlash, ta`lim sohalarida hamda O`zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo`yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va uni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shaharsozlik, uy-joy fondini renovasiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo`lga qo`yishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Prezidentimiz Rossiya Hukumati Raisini rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.
So`ng O`zbekiston delegasiyasi Rossiya Hukumatining Muvofiqlashtirish markazi bilan tanishdi. Mixail Mishustin davlatimiz rahbariga ijro hokimiyati organlarining tezkor va kelishilgan harakatlarini ta`minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu doimiy faoliyat yurituvchi idora faoliyati to`g`risida batafsil axborot berdi.






