Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan eridan o`ch olish uchun farzandiga azob berayotgan ayol aks etgan videotasvirlar keng jamoatchilikning tanqidlariga sabab bo`ldi.
Andijon viloyati IIB ning ma`lum qilishicha, Ulug`nor tumani, Cho`lobod MFYda yashovchi, 2002 yilda tug`ilgan Sh.O ismli ayol, 2023 yil 13 iyun kuni Ulug`nor tumanidagi yashash uyidan Rossiya Federasiyasida ishlayotgan turmush o`rtog`iga o`zaro o`rtalaridagi oilaviy kelishmovchilik sababli 5 oylik farzandini yig`lagan holdagi videotasvirlarni “Telegram” messenjeri orqali jo`natganligi aniqlangan.
Ushbu videoxabarlar ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgandan so`ng, Sh.O ismli ayol 14.06.2023 yil soat 22:36da Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining 102 xizmatiga qo`ng`iroq qilib, unda “Telegramm” messenjeri orqali turmush o`rtog`iga farzandi bilan bog`liq videoxabarlarni jo`natganligini, biroq turmush o`rtog`i ushbu videoxabarlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib, obro`sizlantirayotganligini ma`lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Aytilishicha, hozirda Sh.Oning farzandiga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan va Andijon viloyati, Ulug`nor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda.
"Ushbu holat bo`yicha guvohlarning vajlari to`liq tekshirilib, holatga to`liq oydinlik kiritilgandan so`ng, qo`shimcha ravishda ma`lumot taqdim etiladi", - deyila IIB xabarida.






