AsosiyJamiyat

Toshkentda qalbaki dori sotilayotgani aniqlandi

'Toshkentda qalbaki dori sotilayotgani aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahridagi dorixonalarda qalbaki dori vositasi sotilayotgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda “Darakchi.uz”ga Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Tulyaganova xabar berdi.

Aytilishicha, Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligiga Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan o`tkazilgan ekspertiza natijalari yuzasidan xat kelib tushgan.

“Ekspertiza natijalariga ko`ra, Toshkent shahridagi ayrim dorixonalardan xarid qilingan ‘Neyromidin’ (seriya 40220, yaroqlilik muddati 02.2025, AO ‘Olaynfarm’) qalbakilashtirilgan dori vositasi ekanligi aniqlangan. Ushbu dori vositasining muomalasiga chek qo`yish maqsadida, muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lmagan, davlat ro`yxatidan o`tmagan, qalbakilashtirilgan dori vositasi zudlik bilan muomaladan chiqarilishi hamda dori vositalarining inson sog`lig`iga zararli ta`sirini tasdiqlovchi faktlar aniqlangan taqdirda muomaladan chiqarish va yo`q qilish tartibi to`g`risidagi nizomda belgilangan tartibda yo`q qilinishi bo`yicha tegishli ko`rsatma berildi”, — deydi Sevara Tulyaganova.

Agentlik mas`ullari tadbirkorlarga murojaat qilib, amaldagi qonunchilikka ko`ra, ushbu huquqbuzarliklar ma`muriy va jinoiy javobgarliklar bilan bir qatorda lisenziya talab va shartlarining qo`pol buzilish holati deb baholanishini, bu lisenziyaning bekor qilinishiga asos bo`lishini eslatgan.

“Sizlardan ushbu huquqbuzarlik holatiga yo`l qo`ymaslik va uni bartaraf etish choralarini ko`rishingizni so`raymiz”, — deydi agentlik mas`uli tadbirkorlarga murojaat yo`llar ekan.

    Boshqa yangiliklar