"Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston" multimodal transport yo`lagi orqali yuk poezdi harakati yo`lga qo`yildi, deya xabar berdi O`zbekiston Transport vazirligi.
Tarkibida quyosh panellari, mexanik jihozlar, matolar va boshqa yuklarni o`z ichiga olgan 30 ta konteynerdan iborat blok poezdi Lanchjou stansiyasidan Toshkentga 15 kunda etib kelishi kutilmoqda.
Yuklarning umumiy qiymati 2 million 500 ming dollarni tashkil etadi.
"Xitoy – Qirg`iziston – O`zbekiston" multimodal transport yo`lagi orqali ilk sinov poezdi harakatiga 9 iyun kuni start berilgan.
Ma`lumot uchun, mazkur jarayon Xitoyning "Zhejiang Union of Railway Logistics" kompaniyasi, "O`zbekiston temir yo`llari" va “Qirg`iz temir yo`li” milliy kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Bunga esa Sian shahrida bo`lib o`tgan "Xitoy – Markaziy Osiyo" sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar asos bo`lgan.






