Bugun Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “San`at saroyi”da O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan ko`rsatilgan nomzod Maxmudova Robaxon Anvarovnaning surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Tadbirda partiya faollari, deputatlar, mehnat faxriylari, faol xotin-qizlar va yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat Kengashi raisi Rustam Hamraev kirish so`zi bilan ochib berdi.
Shuningdek, tadbir davomida partiyadan Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudovaning bosh ishonchli vakili tomonidan yig`ilganlarga nomzod haqida batafsil ma`lumot berildi.
Shundan so`ng nomzod dasturida ilgari surilgan 9 ta ustuvor maqsad, ya`ni “Huquqiy davlat qurish — pirovard maqsadimiz”, “Ijtimoiy adolatni va milliy iqtisodiyotimizning barqaror o`sishini ta`minlaymiz”, “Ilm-fan, innovasiyalar va ta`lim sohasining barqaror rivoji — taraqqiyotimiz kafolati”, “Aholi salomatligi — ulkan boylik” kabi yo`nalishlarda qonun ustuvorligini ta`minlash, tibbiyot xodimlari va o`qituvchi-pedagoglarning maqomini mustahkamlash, ularning mehnatini rag`batlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirish vazifalari belgilanganligi alohida ta`kidlandi.






