Toshkent shahar Mirobod tumanida ona va bola 39 yoshli erkakni “samosud” qilib, qo`llarini bog`lagan holda omborga qamab qo`ydi. IIBB holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu shaxs xonadon egalariga bundan ikki yil ilgari Respublika kadastr agentligida ishlovchi tanishi orqali ularning uyiga kadastr hujjatlarini to`g`rilab berishini aytib, 1000 dollar olgan. Ammo shu kungacha hujjatlarni ham qilib bermagan, pulni ham qaytarmagan.
Ushbu erkakdan pullarni qaytarib olish maqsadida ona-o`g`il uni uyga chaqirgan va chap elkasiga pichoq bilan jarohat etkazgan. Ayol uni temir armatura bilan ham urgan. Shundan so`ng erkakni uy erto`lasiga olib tushib, stulga oyoq-qo`llarini skotch va sim yordamida bog`lagan, bir kecha shu holatda qoldirgan. Erkak pullarni qaytarsagina uni qo`yib yuborishlarini aytgan xonadon egalari uning turmush o`rtog`iga qo`ng`iroq qildirgan. Rafiqasidan 300 dollar va 700 dollarga teng bir juft tilla zirak va bir dona tilla uzukni olib kelib berishgach, uni qo`yib yuborishgan.
Erkak oradan 18 kun o`tgach bu voqea haqida ichki ishlar organlariga xabar bergan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi hamda 138-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






