Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 7 yoshli bolani qutqarib, o`zi qochishga ulgurmagan ayolni poezd bosib ketdi.
Unga ko`ra, voqea 2 iyun kuni 10:40 larda sodir bo`lgan. Bu vaqtda “O`zbekiston” lokomotiv deposi mashinisti A.Sharipov boshqaruvidagi elektrovoz Andijon—Xiva yo`nalishidagi 125-sonli yo`lovchi poezdi bilan Oxunboboev—Marg`ilon temiryo`l bekatlari oralig`i 261-km 7-piketida harakatlanib ketayotgan bo`lgan.
Farg`ona shahar, “Xo`jamag`iz” MFY, T.Mamajonov ko`chasida yashagan, oilali, 3 nafar farzandi bor, Marg`ilon shahridagi 29-sonli umumta`lim maktabida farrosh bo`lib ishlagan, 1981 yilda tug`ilgan M.D. temiryo`lda piyodalar o`tish yo`lagidan o`zi bilan birga bir yo`nalishda ketayotgan 7 yoshli bolani qutqarmoqchi bo`lgan. U yo`lovchi poezdi yaqinlashib kelayotganini ko`rib, voyaga etmagan bolani elkasidan turtib, chetga chiqarib yuborgan va o`zi poezddan qochishga ulgurmagani natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan xozirda Farg`ona transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






