AsosiyJamiyat

Nukus voqealari bo`yicha sudlangan 21 kishiga o`qilgan sud hukmi o`zgartirildi

'Nukus voqealari bo`yicha sudlangan 21 kishiga o`qilgan sud hukmi o`zgartirildi'ning rasmi

Bugun Oliy sudda 2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga oid jinoyat ishi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining 2023 yil 17 martdagi hukmi ustidan 28 nafar sudlanuvchi va ularning himoyachilari tomonidan berilgan apellyasiya shikoyatlariga asosan mazkur jinoyat ishining ushbu shaxslarga oid qismini apellyasiya tartibida ko`rib chiqish tugallanib, Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining ajrimi e`lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur jinoyat ishi Oliy sud sudyasi A. Abdikarimov raisligida hamda sudyalar U. Ro`ziev va D. Tojiboevdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqildi.
Oliy sudning 2023 yil 12 iyundagi ajrimiga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasi sudining hukmi quyidagicha o`zgartirildi: 
I. Polatov, P. Esengeldiev, I. Aitmuratov, I. Saparov, R. Jumabaev va ularning himoyachilari tomonidan berilgan shikoyatlar to`liq qanoatlantirildi.

Bunga ko`ra I. Polatovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;

P. Esengeldiev va I. Aitmuratovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga;

I. Saparov va R. Jumabaevga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikni cheklash jazosiga o`zgartirildi.

Ularning ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan har bir kuni Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosining bir kuniga tenglashtirilib, tayinlangan jazodan chegirilib, barchasi sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

D. Nadirbaev, A. Esemuratov, Z. Pirjanov, R. Dosmbetov, Q. Baxiev, N. Bauetdinov, R. Baimbetov, Z. Tadjimuratov, K. Eshjanov, A. Allanazarov, N. Baylepesov, A. Jumabekov, A. Omirzakov, A. Sariev, K. Bekpolatov, N. Duysenbaev va ularning himoyachilarining shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.

Bunga ko`ra D. Nadirbaev va A. Esemuratovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil;

Z. Pirjanov, Q. Baxiev va R. Baimbetovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;

R. Dosmbetov va A. Allanazarovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;

N. Bauetdinovga tayinlangan 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil 6 oy;

Z. Tadjimuratov va A. Omirzakovga tayinlangan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 7 yil;

K. Eshjanov, N. Baylepesov va A. Jumabekovga tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil;

A. Sariev va K. Bekpolatovga tayinlangan 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi 6 yil;

N. Duysenbaevga tayinlangan 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirildi.

Birinchi instansiya sudi hukmining K. Begaliev, N. Xabipov, D. Ramanov, Sh. Ashirbekov, O. Kurbanov, M. Raxmanov, O. Dosnazarov va ularning himoyachilarining shikoyatlari qanoatlantirilmasdan, sud hukmining ularga oid qismi esa o`zgarishsiz qoldirildi.

Shuningdek, sud O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 47 va 65-moddalari talablarini to`g`ridan-to`g`ri qo`llagan holda jinoyat ishi bo`yicha keltirilgan zararlarni qoplash maqsadida xatlangan D. Nadirbaev, Q. Baxiev, N. Bauetdinov, A. Jumabekov, P. Esengeldiev, R. Dosmbetov, O. Dosnazarov, R. Jumabaev, Z. Tadjimuratovga tegishli mol-mulklar Jinoyat-prosessual kodeksining 290-moddasi tartibida xatlovdan chiqarilib, egalariga qaytarilishi belgilandi.

"Hukmning qolgan qismi o`zgarishsiz qoldirildi" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar