Joriy yilning 9 iyulida yurtimizda bo`lib o`tadigan Prezident saylovi kuniga bir kun qolguncha davom etadigan saylovoldi tashviqoti nomzod dasturlarini har tomonlama ko`rsata olishiga ajratilgan muhim vaqt hisoblanadi. Bugun nomzodlarga bu vaqtdan samarali foydalanishi uchun teng shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
O`zR Saylov Kodeksining 9-bobida saylovoldi tashviqotni olib borish tartibi va asoslari, tashviqot olib borish turlari, shakl va usullari aniq qilib belgilangan. Uning 44-moddasida saylovoldi tashviqoti bu saylov kampaniyasi davrida saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir, deya ta`rif berilgan. Xalqchil tilda aytganda, saylovoldi tashviqoti har bir partiya nomzodi uchun o`z dasturlaridagi xalqimizning og`irini engil qiladigan g`oya va tashabbuslarini kattayu kichikka birdek oddiy hamda tushunarli tarzda etkazishga qaratilgan imkoniyatdir.
Bilasizmi, saylovoldi tashviqot maydoni qay daraja va ko`lamda shakllanishi nomzodning ko`proq ovozga ega bo`lishida muhim omil hisoblanadi. Saylov Kodeksining 45-moddasida tashviqot olib borish turlari, shakl va usullari aniq yoritilgan. Masalan, tashviqotni xalq oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, roliklarni joylashtirish shaklida olib borish mumkin.
Yoki ommaviy axborot vositalarida, televidenie, radio, Internet tarmog`i orqali chiqishlar qilish, ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokamalar uslubidan ham foydalanish mumkin. Shu o`rinda aytish joizki, turli xil tashviqot materiallaridan foydalanish ham samarali bo`ladi. Masalan, bosma, ko`rgazmali, audiovizual, turli plakatlar, varaqalarni tarqatish orqali ham tashviqot olib borish mumkin. Shu o`rinda, tashviqot materiallarining O`zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi juda muhim hisoblanadi.
Alohida e`tibor berish kerakki, nomzodlar tashviqotni Saylov Kodeksida ta`qiqlanmagan boshqa turlari, shakl va usullaridan ham foydalanishi mumkin. Masalan, bugun tashviqotda bir xillikdan qochish, qoliplarga chek qo`yish maqsadida ijodiy yondashish imkoniyatlari ham yaratilgan.Nomzodlarning saylovoldi targ`ibotida yangicha zamonaviy jonli yoki aksincha yuzma-yuz yondashuvlar, rang-barang katta elektron tablolarda, turli dizayndagi ekranlarda, bannerlarda nomzodlarning dasturlarini yoritish, g`oyaviy shiorlarini keltirish orqali ham targ`ib qilish mumkin.
Xo`sh, saylovoldi tashviqotida turli-tuman, rang-barang uslub va vositalardan foydalanish shartmikan? degan savol aholi orasida qiziqish bildirilgan holda uchrab turadi. Nomzodlarning saylovoldi tashviqotida zamonaviy, raqamli uslublardan foydalanishi birinchidan, nomzodning tashabbusslarini kattayu kichikning didiga mos ravishda etkazishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, xalqimizga barcha nomzodlarning dasturlarini qiyosiy o`rganib chiqish va to`g`ri tanlov qilishdagi imkoniyatlarni kengaytiradi.
Darhaqiqat, Saylov Kodeksida saylovoldi tashviqotidagi ta`qiqlar ham aniq qilib belgilangan. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro`yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan boshlanadi hamda saylovga bir kun qolganda va saylov kuni tashviqot olib borish man etiladi. Shu o`rinda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o`z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanish taqiqlanadi. Alohida e`tibor qaratish lozimki, nomzodlar saylovchilarga turli xil sovg`alar berish, pulli xizmatlar ko`rsatish ta`qiqlanadi. Ayniqsa, tashviqot jarayonida noto`g`ri va asossiz, isbotlanmagan axborotni, nomzodlarning sha`ni va qadr-qimmatiga putur etkazuvchi ma`lumotlarni tarqatish ham man etiladi.
Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilsak, saylovoldi tashviqotining asl maqsadi nomzodlar har bir insonning kelajagi uchun o`ta muhim bo`lgan, uning tinch-totuv yashashi va barqaror rivojlanishi, jamiyatdagi o`rnini belgilovchi taklif-tashabbuslarni xalqimizga etkaza olishi talab etilsa, xalqimiz esa eng hayotiy va amaliy natijalar bera oluvchi g`oyalarni saralab, tanlab, erkin ovoz berishi zarurdir.
Usarova Feruza, O`zR FA huzuridagi O`zbekistonning eng yangi tarixi markazi direktori, siyosiy fanlar nomzodi, dosent






