Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Xerson viloyatida Kaxovka GES to`g`oni vayron bo`lishiga birinchi marta izoh berdi.
U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`an bilan telefon orqali qilgan suhbatida "Ukraina keng miqyosdagi ekologik va gumanitar falokatga olib kelgan vahshiy harakatlari" uchun javobgar bo`lishini aytgan. Putin so`zlariga ko`ra, Ukraina rasmiylari "harbiy harakatlar keskin avj olishiga" sabab bo`lmoqda.
Kreml xabarida aytilishicha, Putin va Erdo`g`an "Ukraina atrofidagi vaziyat bo`yicha fikr almashgan", biroq Turkiya prezidenti nima degani keltirilmagan.
Turkiya prezidenti ma`muriyatining ijtimoiy tarmoqdagi xabarida Erdo`g`an shubhaga o`rin qolmasligi uchun to`g`onning buzilishi bo`yicha keng qamrovli tekshiruv o`tkazish lozimligini aytgan. Shu bilan birga, u rossiyalik va ukrainalik ekspertlar, BMT va xalqaro hamjamiyat, jumladan Turkiya ishtirokida tekshirish o`tkazish uchun komissiya tuzilishi mumkinligini ta`kidlagan.
Ukraina Kaxovka GES falokatida Rossiyani ayblamoqda.
Eslatib o`tamiz, 6 iyun kuni erta tongda Kaxovka gidroelektr stansiyasi to`g`onining bir qismi qulab tushdi. Novaya Kaxovka, Aleshki va qisman Xerson shaharlari suv ostida qoldi. Dneprga 150 tonna dvigatel moyi to`kildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 35 dan 70 tagacha aholi punktlarini suv bosishi, shuningdek, Dnepropetrovsk, Zaporoje va Xerson viloyatlarida ichimlik suvi bilan bog`liq “katta muammolar” haqida ogohlantirdi.
Rossiya va Ukraina bir-birini GESni portlatishda ayblamoqda. Evropa Ittifoqi ham Rossiyani to`g`onni portlatganlikda ayblaydi. Versiyalardan biriga ko`ra, to`g`on avvalgi shikastlar tufayli qulagan bo`lishi mumkin. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning aytishicha, Ukraina muvaffaqiyatsiz hujumi tufayli Kaxovka GESida terakt uyushtirgan. Ukraina rasmiylari Rossiyaning Kaxovka GESini bombalashi Ukraina Qurolli kuchlarining hujum rejalarini o`zgartirmasligini aytgan.






