O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o`tkazdi.
Uchrashuvda sil va o`pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya kabi qator yo`nalishlar bo`yicha aloqalar yildan yilga kengayotgani aytildi.
Muloqot davomida AQSh bilan hamkorlikda tibbiyot sohasida yangi loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan o`zaro fikr almashildi.
Xususan, yurtimizda farmakopeyani rivojlantirish va referens laboratoriyalarni tashkil etish bo`yicha grant mablag`lari joriy yil Sog`liqni saqlash vazirligi va AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o`rtasida imzolanadigan maqsadli kelishuvlar doirasida ajratilishi aytib o`tildi.
Shu bilan birga, AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bilan gepatit kasalligini kamaytirish, xastalikning A, V, S turlariga qarshi birgalikdagi harakatlarni ko`zda tutadigan loyihalarni moliyalashtirish va grant mablag`larini ajratishga ham kelishib olindi.
Qolaversa, uchrashuvda vazir A.Inoyatov va elchi J.Xenik o`rtasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, kadrlar almashish va tibbiy ta`lim sohasida grant mablag`larini ajratish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Yakunda shu yil yurtimizda O`zbekiston — AQSh xalqaro tibbiyot forumini o`tkazish rejalashtirildi.






