2023 yilning 30 may kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari IV S`ezdi bo`lib o`tdi.
S`ezdda 2023 yil 9 iyul kuni bo`lib o`tadigan muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish hamda Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi to`g`risidagi va boshqa masalalar ko`rib chiqildi.
S`ezd Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtirok etishiga ijozat berilgani qayd etildi.
Joriy yilning 11 may kuni bo`lib o`tgan partiya Markaziy Kengashining plenumida O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisi Xamzaev Abdushukur Xudoyqulovichni ko`rsatish taklifi ko`rib chiqilgan edi.
Sezdda delegatlar e`tiboriga O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasi raisi Xamzaev Abdushukur Xudoyqulovich nomzodi tavsiya etildi.
Xamzaev Abdushukur Xudoykulovich 1973 yil 10 dekabrda Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ziyoli oilasida tug`ilgan. Qishloq xo`jalik fanlari doktori, professor. Oilali, uch nafar farzandi bor. O`zbekiston Ekologik partiyasi a`zosi.
Nomzodning Saylovoldi dasturida mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, pestisidlardan foydalanishdan voz kechishga yo`naltirilgan “Yashil O`zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o`tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo`llarga o`zgartirishga qaratilgan choralar alohida e`tirof etildi.
Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta`sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va polietilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni ta`qiqlash, 2030-yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli engil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni ta`qiqlash kabi e`tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi.
Dastur muhokamasi jarayonida, shuningdek, qonun ustuvorligini ta`minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga alohida to`xtalib o`tildi. Xususan, ekologik qonunchilikni kodifikasiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O`rmon kodekslarni qabul qilish, “Chiqindilar to`g`risida”gi yangi tahrirdagi Qonunni hamda “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to`g`risida”gi dasturni qabul qilish, ekologik sug`urtalash tizimini rivojlantirish, malakali yuridik yordam va xizmat ko`rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, barcha tizimdagi davlat idoralari faoliyatida, tenderlarda, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni kengaytirish choralarini kuchaytirish, ma`muriy organlar tomonidan jarima qo`llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish, yo`l harakati xavfsizligini faqat qonun asosida tartibga solishni yo`lga qo`yish va b.
Davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi takliflar ham alohida e`tirof etildi. Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo`nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi“ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi”ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan Milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a`zo bo`lish kabi takliflar shular jumlasidandir.
Shundan so`ng, O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xamzaev Abdushukur Xudoyqulovich nomzodi va uning Saylovoldi dasturi delegatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
S`ezd delegatlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko`rsatilgan Xamzaev Abdushukur Xudoyqulovich va uning Saylovoldi dasturi bir ovozdan ma`qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.






