Kecha bo`lib o`tgan Senat Kengashining navbatdagi majlisida Oliy Majlis yuqori palatasining qirq birinchi yalpi majlisini 1 iyun kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma`lum qildi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan yalpi majlisda qator qonun va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
"Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida"gi, "O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o`zgartishlar va qo`shimcha kiritish to`g`risida"gi, "O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog`iston Respublikasida investisiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi, "Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi, "O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar kiritish haqida"gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, «Telekommunikasiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan «Davlat boji to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi, «O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo`shimcha kiritish to`g`risida»gi qonunlar ko`rib chiqiladi.
Shu bilan birga senatorlar O`zbekiston Markaziy bankining 2022 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotini eshitadi.
Majlisda Senatning qirq birinchi yalpi majlisini 2023 yilning 1 iyun kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.






