Ijtimoiy tarmoqlarda “Maktab ma`muriyati ota-onalardan “So`nggi qo`ng`iroq” tadbiri uchun pul yig`moqda” sarlavhasi bilan xabarlar tarqalgan edi.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasining ma`lum qilishicha, holat Yunusobod tumanidagi 17-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabida sodir bo`lgan. Bitiruvchi sinf Ota-onalar kuzatuv Kengashi raisi maktab ma`muriyatini ogohlantirmasdan o`quvchilarning ota-onalar uchun tashkil etilgan telegramm messenjeridagi guruhga pul yig`imi to`g`risida taklifini aytgan. Bundan na maktab ma`muriyati va na sinf rahbarining xabari bo`lmagan. Mazkur taklifni shu guruhdagi ota-onalardan biri ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali chop etganligi aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach, maktab ma`muriyati tomonidan navbatdan tashqari pedagoglar Kengashi hamda ota-onalar kuzatuv Kengashlarining yig`ilishlari o`tkazilgan. Sinf rahbarlari va o`qituvchilar ota-onalardan “So`nggi qo`ng`iroq!” va boshqa tadbirlar uchun hech qanday pul yig`imlarini amalga oshirmasliklari bo`yicha yana bir marotaba ogohlantirilgan. Agar shunday holatga yo`l qo`yilsa, uning ishtirokchi va tashabbuskorlariga nisbatan qonun doirasida chora ko`rilishi eslatib o`tilgan.
Shuningdek, ota-onalar kuzatuv Kengashi yig`ilishida o`zboshimchalik bilan tashabbus ko`rsatgan ota-onalardan tushuntirish xatlari olingan. “Tashabbuskor” ota-onalar o`z xatti-harakatlari uchun maktab ma`muriyatidan uzr so`rashgan. Boshqa bunday holatga yo`l qo`yilmasligini bildirishgan.
"So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablar va maktabgacha ta`lim tashkilotlarida turli xil tadbirlar o`tkazish uchun o`quvchilardan pul mablag`lari yig`ilayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ta`lim muassasalarida ta`mirlash (remont) uchun, turli tadbir (so`nggi qo`ng`iroq) va bayramlar uchun pul yig`ish qat`iyan taqiqlanadi!
️Agar Siz, qaysidir maktab yoki maktabgacha ta`lim tashkilotlarida pul yig`ish bilan bog`liq holatlar haqida xabardor bo`lsangiz, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasining Ishonch telefoni — 71-2370830 raqami orqali murojaat qilishingiz so`raladi", - deyiladi rasmiy munosabatda.






