Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 18 fevral kuni "Sharq" yo`lovchi poezdining “Samarqand — Toshkent” yo`nalishida harakatlangan rossiyalik sayyoh o`zining kupesida mavjud kamchiliklar haqida tayyorlagan videolavha tarqaldi.
Holatga “O`zbekiston temir yo`llari” AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Mazkur holat yuzasidan tezkor yig`ilish o`tkazilgan. Ko`rsatilgan kamchiliklar yuzasidan ushbu sanada xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poezd boshlig`iga qat`iy intizomiy jazo qo`llanilgan. Hozirgi kunda barcha yo`nalishlar harakati davomida yo`lovchilarga sifatli xizmat ko`rsatishini tekshirish maqsadida ishchi guruh qo`shimcha faoliyatini boshlagan.
“Videolavhada aytib o`tilgan yo`nalishning chipta narxi 100 AQSh dollaridan oshiqligi haqiqatga to`g`ri kelmaydi, sayyoh mazkur yo`nalish uchun chiptani Rossiya Federasiyasining «RJD» saytidan elektron tarzda 4213,9 rublga rasmiylashtirgan. Mazkur vagon lyuks toifasida bo`lib, 4 ta kupedan iborat va faqat 8 ta yo`lovchi uchun xizmat ko`rsatadi. Ushbu yo`nalish chipta narxi 385 980 so`m hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.






