Joriy yil 21-22 may kunlari O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiyada amaliy tashrif bilan bo`ladi. U Sergey Lavrov bilan muzokaralar olib boradi.
Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova ma`lum qildi.
Zaxarovaga ko`ra, uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama siyosiy hamkorlik hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar xarakterdagi ko`plab dolzarb masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.
Rossiyaning O`zbekistondagi elchixonasi bergan ma`lumotga ko`ra, vazirlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, Markaziy Osiyo hududida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga qo`shilayotgan muvofiqlashtirilgan hissani hisobga olgan holda mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar.
Evroosiyo makonidagi asosiy integrasiya jarayonlarini, shuningdek, qit`a davlatlari uchun umumiy ahamiyati bo`lgan muammolarni ko`rib chiqish ham rejalashtirilgan.






