Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati hududiy bo`limi mansabdor xodimi lisenziya olishida zarur xulosa tayyorlab berish uchun pora olayotgan vaqtda ushlandi.
Asaka tumanida faoliyat yurituvchi MChJga neft mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug`ullanishi uchun lisenziya olishda zarur bo`ladigan xulosa tayyorlab berish evaziga 3 ming AQSh dollari va lisenziya olib berish uchun “O`zneftgazinspeksiya”da ishlovchi tanishiga 10 ming AQSh dollari berishi kerakligini aytib, MChJ ta`sischisidan 13 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so`ralgan pul mablag`ini o`zining bo`ysinuvida bo`lgan xodim orqali olgan vaqtda ularning noqonuniy harakatlariga chek qo`yildi.
Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






