Toshkent shahrida avval munosabatda bo`lgan ayolning foto-videolarini eri va qaynotasiga ko`rsatishini aytib, undan pul talab qilgan erkak ushlandi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, IIV tezkor-qidiruv departamenti tomonidan Toshkent shahrida yashovchi ayoldan tovlamachilik yo`li bilan 10 ming dollar talab qilayotgan shaxs qo`lga olindi. Aniqlanishicha, bu ikki fuqaro 2019 yilda ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan. Keyinchalik ayol o`z oilasi bilan yarashib olgach, erkak uning intim foto-videolarini turmush o`rtog`i va qaynotasiga ko`rsatish bilan qo`rqitib 10 ming dollar talab qilgan.
Ayol oilasini saqlab qolish maqsadida dastlab ming, keyinchalik 700 dollar bergan. Biroq erkak undan yana 7 ming dollar talab qilgan. 10 may kuni u 5 ming 800 dollarni olayotgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






