Prezident Shavkat Mirziyoev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yo`naltirish markazida bo`ldi. Bu erda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o`rgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham ko`maklashiladi. Markaz atrofi obodonlashtirilgan, ishkomlar o`rnatilib, toklar ekilgan.
Shu erda kambag`allikni qisqartirish va aholi bandligini ta`minlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 10 may kuni shu masala bo`yicha o`tkazilgan yig`ilishda salohiyatli tadbirkorlarni yangi ish o`rinlari yaratishga rag`batlantirish taklifi bildirilgan edi.
Masalan, Shayxontohur tumanida 51 ta mahalla bor. Salohiyati yuqori tadbirkorlar 100 dan ziyod. Shartnoma asosida ularga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Unga ko`ra, davlat sharoit yaratadi, tadbirkorlar aholini kasbga o`qitib, ish bilan ta`minlaydi.
- Bu ikki tomonlama manfaatli, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Hozir ko`p tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz - korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq bo`yicha engilliklar beradi. Ish o`rinlari ko`paygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish o`rganish emas, hayot maktabi bo`ladi.
Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish bo`yicha takliflar ham ko`rib chiqildi. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini o`rganishi zarurligi ta`kidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazdagi sport-sog`lomlashtirish majmuasini ham kirib ko`rdi. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud.






