Dunyoning etakchi telekanallaridan biri Euronews efirida namoyish etilgan Focus ko`rsatuvida O`zbekistonning investision jozibadorligi yil sayin ortib borishiga sababchi bo`layotgan keng ko`lamli islohotlar haqida besh daqiqalik lavha namoyish etildi.
“So`nggi 6 yil ichida O`zbekistonga kiritilgan investisiyalar hajmi 10 barobardan oshdi. O`zbekiston iqtisodiyotining globallashuvini hisobga olgan holda 2017 yilda boshlangan keng ko`lamli islohotlar ushbu mamlakatga xorijiy kapitalni jalb qilishni rag`batlantirmoqda”, deya ta`kidladi telekanal muxbiri.
Lavhada O`zbekistonga kiritilgan xorijiy investisiyalar borasida bir qancha muvaffaqiyatli misollar keltirildi. Jumladan, Jizzax viloyatida paxta etishtirish bilan shug`ullanayotgan Silverleafe AQSh-O`zbekiston qo`shma korxonasi haqida ma`lumot berildi. Ushbu korxonada ekishdan tortib hosilni yig`ib olishgacha bo`lgan butun jarayon 100 foiz avtomatlashtirilgan. Joriy yil davomida Silverleafe kompaniyasi tomonidan yangi texnologiya – mashinada terilgan paxtani raqamli kuzatish tizimi joriy etiladi. Barcha jihoz va uskunalar AQShdan olib kelingan. Umumiy hisobda Silverleafe respublikaga taxminan 40 million dollar sarmoya kiritgan.
“Islohotlar haqiqatda amalga oshirilyaptimi yoki shunchaki so`zda qolib ketyaptimi, degan savol tug`iladi. Besh yildan beri shu erda faoliyat olib borayotgan tadbirkor sifatida aniq ayta olamanki: islohotlar haqiqatda amalga oshirilmoqda”, deydi Silverleafe qo`shma korxonasi bosh direktori Den Patterson.
Uning so`zlarini Evropa tiklanish va taraqqiyot banki ham tasdiqlamoqda. “So`nggi 5 yil davomida bank O`zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini qamrab olgan 100 ta loyihani amalga oshirish uchun 3 milliard evrodan ortiq mablag` ajratish majburiyatini o`z zimmasiga olgan. Har bir keyingi yilda investisiyalar hajmi avvalgisidan ortib bormoqda. O`zbekiston oxirgi uch yilda investisiya oqimini yanada oshirishni ko`zlagan holda Markaziy Osiyoda moliyalashtirish hajmi bo`yicha etakchi mamlakatga aylandi”, — deyiladi lavhada.
Focus dasturining spikeri, Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining O`zbekistondagi direktori Alkis Drakinos mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O`zbekiston iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari investisiya kiritish uchun ajoyib imkoniyat ekanligiga ishonch bildirdi:
“O`zbekiston o`zining islohotlar tarixi, jumladan, valyuta sohasining liberallashuvi, davlat-xususiy sheriklik to`g`risidagi qonunning qabul qilinishi natijasida sarmoyaviy qutbga aylandi. Keyinroq 2030 yilgacha mo`ljallangan yashil iqtisodiyot strategiyasi dunyo yuzini ko`rdi, davlat banklari va tashkilotlarini xususiylashtirish boshlandi. Ushbu o`zgarishlarning barchasi xalqaro investorlarga O`zbekiston salohiyati, uning ehtiyojlari va islohotlarga sodiqligi haqida kuchli signal bermoqda”, — deya izoh berdi ETTBning O`zbekistondagi rahbari.
Lavhada aytilishicha, texnologiya sektori investisiyalar uchun eng jozibador sohalardan biri bo`lib qolmoqda. Bunday hamkorlikning namunasini Londonning Sturgeon Capital guruhi yaqqol namoyon etmoqda. U 25 million dollarlik maxsus fond orqali O`zbekistonda birinchi bo`lib startaplar va raqamli infratuzilmaga sarmoya kiritdi.
“Biz asosiy e`tiborimizni uchta yo`nalishga qaratamiz: moliyaviy texnologiyalar, savdo maydonlari (odatda elektron tijorat platformalari) va dasturiy ta`minot. Sarmoya kiritganimizdan so`ng ushbu kompaniyalarning daromadi qariyb uch barobar oshdi va biz hozirda uzoq muddatli istiqbolni ko`zlamoqdamiz”, — deya hamkorlik natijalari bilan o`rtoqlashdi Sturgeon Capital kompaniyasi investision direktori Kiyan Zandiex.
O`zbekiston investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakat taraqqiyotining tanlangan vektorini tasdiqladi: “Biz mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va investision muhitni yanada jozibador qilish bo`yicha tizimli, juda puxta ishlarni davom ettiramiz. Biz uchun eng muhim vazifa – O`zbekiston iqtisodiyotining barqaror, uzoq muddatli rivojlanishini, raqobatbardoshligini ta`minlash maqsadida investisiyalar sifatini ta`minlashdir”, — dedi Laziz Qudratov.






