AsosiyJamiyat

Endi tadbirkorlarning bankdagi pulini olib qo`yganlik uchun 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

'Endi tadbirkorlarning bankdagi pulini olib qo`yganlik uchun 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin'ning rasmi

Prezident tomonidan imzolangan qonun (O`RQ–841-son, 10.05.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag`lari daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. 

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag`larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o`tkazish yoki olib qo`yish yoxud ularni o`z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo`lmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming so`mdan 13 mln 200 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo`llanilishiga sabab bo`ladi:

- BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
- 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
- 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

 O`sha harakatlar:

- ko`p miqdorda zarar etkazgan holda;
- bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo`lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

O`sha harakatlar:

- juda ko`p miqdorda zarar etkazgan holda;
- uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan bo`lsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Etkazilgan moddiy zararning o`rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo`llanilmaydi.

    Boshqa yangiliklar