Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi xonadonlardan birida yong`in yuz berishi oqibatida bir kishi halok bo`ldi.
Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar bo`limi xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, kecha, 10 may kuni taxminan soat 03:59 larda qutqaruv xizmatiga Koson tumani Yuqori “Arabxona” mahallasi Shuhrat ko`chasidagi xonadonlarning birida yong`in sodir bo`layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko`ra, tuman FVBdan 1 ta yong`in-qutqaruv bo`linmasi zudlik bilan voqea joyiga etib kelgan va yong`inni taxminan soat 04:30 larda to`liq bartaraf etgan. Yong`in oqibatida xonadonning 28 metr kvadrat ichki va tom qismi zararlangan. Yong`indan xonadonning 150 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan.
Yong`in oqibatida bir nafar fuqaro (xonadon sohibining turmush o`rtog`i) kuyish tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Hozirda holat yuzasidan tegishli soha vakillari tomonidan surishtiruv jarayoni olib borilmoqda.






